Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning 15-noyabrdagi farmoyishi bilan uchta mashina xarid qilish uchun 1 milliard 336,5 million so‘m ajratiladi. Bu boradagi hujjat “E-qaror” elektron tizimiga joylashtirilgan.
Farmoyishda qayd etilishicha, mashinalar uchun mablag‘ viloyat mahalliy budjetining 2023-yil 3-chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladi. Transport vositalari viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekov va Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov mo‘ljallangan.
“Gazeta.uz”ning viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, mashinalar BYD gibrid turkumidagi avtomobillar sanaladi. Amaldagi xizmat avtotransportlarini almashtirishga ehtiyoj ulardan 5 yildan ortiq foydalanilgani sababli tug‘ilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi qaroriga muvofiq,
- viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1500 baravari (495 million so‘m)dan;
- tuman va shahar hokimlariniki — BHMning 1000 baravari (330 million so‘m)dan oshmasligi kerak.
Avgust oyida Toshkent viloyati hokimligi yangi qimmatbaho avtomobil xarid qilgani haqida xabar tarqalgach, hokimlik matbuot xizmati buni rad etib, “yaqin orada yangi avtomobil xarid qilish ham rejalashtirilmagan”ini bildirgandi.
Izoh (0)