Somalida so‘nggi asrdagi eng dahshatli suv toshqini kamida 32 kishining hayotiga zomin bo‘ldi va yuz minglab odamlarni uy-joyini tark etishga majbur qildi. Bu haqda BBC telekanali ma’lum qildi.
“O‘tgan besh kun ichida biz ko‘plab muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatdik, biroq vaziyat allaqachon hukumat imkoniyatlaridan tashqariga chiqib ketgan”, — dedi Somali bosh vaziri o‘rinbosari Salah Ahmad Jamu.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan barcha hududlarga yordam ko‘rsatishga qodir emas. Uzoq davom etgan qurg‘oqchilikdan so‘ng Somalida kuchli yomg‘ir yog‘di va daryolar qirg‘oqlaridan toshib ketdi. Mamlakat janubidagi Jubba daryosi qirg‘og‘ida ayniqsa xavotirli vaziyat yuzaga keldi.
Jabrlangan hududlarning bir qismi “Al-Qoida”ga aloqador “Ash-Shabob” guruhi nazoratida ekani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Somalidagi vayronkor suv toshqinlari 1,6 milliondan ortiq odamga zarar yetkazishi mumkin. Yuz minglab odamlar allaqachon uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va 1,5 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlari vayron bo‘lish arafasida.
Izoh (0)