So‘nggi vaqtlarda xorijiy davlat rahbarlarining O‘zbekistondan qadami uzilmay qoldi. Yaqindagina Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni kuzatib yuborgan edik, 9–11- noyabr kunlari Italiya prezidenti Sergio Mattarella O‘zbekistonga rasmiy davlat tashrifi bilan keldi. Xo‘sh, Italiya prezidenti qanday manfaatlarni ko‘zlab O‘zbekistonga keldi? O‘zbekistonning Italiyada qanday manfaatlari bor?
“Daryo” ushbu savollarga javob olish maqsadida iqtisodiy tahlilchi Nodirbek Rasulov va siyosatshunos Asrorbek Sattorovlar bilan suhbatlashdi.
— 2016-yilgacha O‘zbekiston va Italiya munosabatlari qanday bo‘lgan?
Asrorbek Sattorov, siyosatshunos:
— O‘zbekistonning Italiya davlati bilan aloqalari mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlangan. 1992-yilning yanvar oyida Italiya O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan olgan va o‘sha yilning mart oyida diplomatik aloqa o‘rnatish uchun o‘z elchisini yuborgan. 1996-yilning 21-iyun kuni Italiyaning Florensiya shahrida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan. 1997-yilda Italiya bosh vaziri Romano Prodining O‘zbekistonga kelishi o‘zaro munosabatlarni jonlantirdi. Shundan so‘ng biror-bir Italiya hukumat rahbari O‘zbekistonga tashrif buyurmagan edi.
2016-yilgacha O‘zbekiston va Italiya munosabatlari unchalik ham barqaror bo‘lmagan. Chunki Italiyada vaqti-vaqti bilan hukumatlar o‘zgarib turgan. Lekin o‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar sohada o‘zaro hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 1997-yildan boshlab Italiya bilan hamkorlikda “Sharq taronalari” festivalini o‘tkazish boshlangan. 2009-yilda esa Toshkentda Turin politexnika universitetining filiali ochilgan. 2016-yilgacha O‘zbekistonning tashqi savdosida Italiya bilan o‘zaro hamkorlik 157 million dollarni tashkil etgan. Bu raqamlardan ham ko‘rsak bo‘ladiki, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar unchalik barqaror bo‘lmagan.
2022-yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidentining taklifiga binoan Italiyaga dastlabki davlat tashrifini amalga oshirdi. Unda bir qancha shartnomalarga imzo qo‘yilgan edi. Joriy yilning 9–11-noyabr kunlari Italiya prezidentining O‘zbekistonga kelgani o‘tgan yilgi tashrifga javoban amalga oshirildi.
Hozir Italiyani doimiy energiya resurslari bilan taʼminlab turadigan Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilingan. Bir katta bozor yopilgach, Italiya boshqa bozor izlashga harakat qilmoqda. Shu boisdan Yevropa va Italiya O‘zbekistonga yuzlanmoqda.
Iqtisodiy tahlilchi Nodir Rasulov:
— Darhaqiqat, O‘zbekiston va Italiya munosabatlari 1992-yildan boshlangan. 2010–2011-yillarda O‘zbekistonning Italiya bilan mahsulot aylanmasi 151 million dollar atrofida bo‘lgan. Bunga maʼlum bir sabablar mavjud. Masalan, konvertatsiya. Xorijiy investor maʼlum bir mamlakatga o‘z investitsiyasini olib kirib, daromad topishi uchun maʼlum qulayliklar bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, investorni mamlakat ichidagi iqtisodiy-siyosiy barqarorlik qiziqtiradi. Shunga qaramay, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida maʼlum bir iqtisodiy munosabatlar bo‘lgan. 2012-yilda O‘zbekistonda Italiya kapitali ishtirokida 32 ta korxona faoliyat yuritgan. Undan 18 tasi qo‘shma korxona bo‘lib, atigi 4 ta korxona 100 foizlik Italiya kapitali asosida ish yuritgan.
Investorlarga sharoit yaratilmagani tufayli nafaqat Italiya, balki Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan O‘zbekistonning aloqalari yaxshi bo‘lmagan. 2016-yildan keyin tashqi iqtisodiy aloqalarning yaxshilanishi, investorlarga yaratilgan kafolatlar natijasida bugun mamlakatimiz jahon bozoriga ochildi. Shu sababli bugun Yevropa mamlakatlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortdi.
— Italiyaning O‘zbekistonda qanday manfaatlari bor?
Nodirbek Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:
— Mamlakatlar o‘zaro aloqa qilayotganda, iqtisodiy manfaat birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Bugun dunyoda geosiyosiy vaziyat o‘zgarmoqda. Bu maʼlum bir savdo-iqtisodiy va transport kommunikatsiya bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqardi. Hozirda Italiya aholisi 59 millionni tashkil etadi. Hududi jihatdan biroz O‘zbekistondan kichik. Lekin rivojlangan davlatlar reytingida top-10 ga kiradi. Bundan tashqari, Italiyaning yalpi ichki mahsuloti yiliga 2 trillionni tashkil qiladi. Ko‘rishimiz mumkinki, Italiya iqtisodiy jihatdan ancha baquvvat.
Italiyaga investorlar uchun yaxshi sharoit yaratib bergan mamlakat kerak. O‘zbekiston 2016-yildan keyin Yevropa bilan Markaziy Osiyoni bog‘lashda yetakchilikni o‘z zimmasiga oldi. Umuman, Yevropa davlatlari O‘zbekistonga investitsiyaga bo‘lgan talabning yuqori ekanligi, arzon ishchi kuchining borligi va tabiiy qazilma boyliklarning mavjudligi uchun qiziqmoqda.
Men 2 ta aniq fakt bilan Italiyaning O‘zbekistondagi manfaatlarini aytib o‘tsam. Masalan, 2021-yilda Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga za’faron yetishtirish bo‘yicha Italiya 40 million yevroga yaqin investitsiya kiritdi. 2021-yilda yetishtirilgan hosildan 1 tonnasi esa 14 million yevroga Italiyaga eksport qilindi. Bu kiritilgan investitsiya o‘zini oqlagani tufayli, 2022-yilda 16 million dona za’faron urug‘i olib kelindi. Hozir za’faronni Amerikaga eksport qilishga ruxsat olindi.
Shuningdek, Italiya uzum va zaytun yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Qishloq xo‘jaligining maʼlum bir turlarida O‘zbekistonning sharoitlari bilan Italiya sharoitlari to‘g‘ri keladi. 2000-yillarda Surxondaryoda zaytun yetishtirish bo‘yicha bir loyiha yo‘lga qo‘yilgan edi. Afsuski, bu loyiha oxiriga yetmay qolgandi. Biroq hozir Italiya Surxondaryoning 7-8 tumaniga zaytun yetishtirish bo‘yicha juda katta investitsiya olib kirgan. Mana bu Italiyaning O‘zbekistondagi iqtisodiy manfaatlarining bir ko‘rinishi.
Asrorbek Sattorov, siyosatshunos:
— Albatta, Markaziy Osiyoda liderga aylangan O‘zbekiston Yevropa uchun ham qiziq. O‘zbekiston bevosita Afg‘oniston bilan chegaradosh. 2001-yildagi NATOning Afg‘onistondagi operatsiyalarida Italiya ishtirok etgan. Hozir Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va gumanitar yordamning ramzi — O‘zbekiston. Har qanday davlat O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga gumanitar yordam yuboradi. Italiyaning gumanitar yordam sohada o‘z obro‘sini oshirishda O‘zbekiston zarur. Hozir dunyo hamjamiyati “Tolibon”ga ishonmayapti. Shu sababli Italiya Afg‘onistonga gumanitar yordam berish orqali, bu yerdagi tinchlikni saqlashda o‘zining ham o‘rni bor ekanligini jahon hamjamiyatiga ko‘rsatib qo‘ymoqchi.
2021-yilning fevral oyidan boshlab Yevropa uchun muammo paydo bo‘ldi. Italiya o‘zini bug‘doy va don mahsulotlarini asosan Ukraina va Rossiya orqali taʼminlar edi. Italiya aholisining bor-yo‘g‘i 2 foizi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Yaʼni qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ehtiyoj katta. Shu sababdan Italiya uchun Markaziy Osiyo kerak.
— O‘zbekistonning Italiyada qanday manfaatlari mavjud?
Iqtisodiy tahlilchi Nodir Rasulov:
— Yaqinda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi qabul qilindi. Bunda mamlakatning iqtisodiy potensialini oshirishga qaratilgan 100 ta maqsadlar belgilab berilgan. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun juda katta mehnat qilish kerak. 2022-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti yiliga 80 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030-yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 160 milliard dollarga chiqarish reja qilingan. Buning uchun maʼlum mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib borishimiz kerak. O‘zimizdagi bor potensialni ishga solish uchun investitsiya va zamonaviy texnologiyalar zarur. Italiya metallurgiya va mashinasozlik bo‘yicha eng ilg‘or davlat.
Italiya yiliga 49 milliard yevrolik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 10 milliard yevrolik mis va mis mahsulotlari yoki 25 milliard yevrolik trikotaj mahsulotlarini import qiladi. Mana shu 3 ta soha bo‘yicha O‘zbekistonda juda katta imkoniyatlar mavjud. O‘zbekistonning manfaatlari mana shu yerda. Bundan tashqari, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda Italiya bilan hamkorlik juda muhim.
Asrorbek Sattorov, siyosatshunos:
— 2022-yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, Italiya bir yilda 540 milliard yevrolik mahsulotni eksport, 490 milliard yevrolik mahsulotni esa import qiladi. Ko‘ryapmizki, tafovut uncha katta emas. O‘ziga xos importga ham muhtoj. Albatta, bundan O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini yetkazib berish orqali foydalansa bo‘ladi. Buning ustiga yo‘l masalasini Italiyaning o‘zi hal qilmoqchi.
Hozir O‘zbekiston Italiyadan 280 milliard dollarlik mahsulot olib kiryapmiz va Italiyaga 250 milliard dollarlik mahsulot sotyapmiz. Bu raqamlarni oshirishimiz kerak. Bunga hozir imkoniyat bor. Bundan tashqari, xorijdagi banklarga qimmatbaho qog‘oz qo‘yish masalasi ham bor. Ushbu masalada Italiya banklari ancha nufuzli hisoblanadi.
Italiya bilan imzolangan shartnomalarga qaraydigan bo‘lsak, taʼlim sohasiga alohida urg‘u berilgan. Turin politexnika universiteti qoshida Italiya innovatsiyalari markazi tashkil etilmoqda. Tan olish kerak, Italiya texnologiya bo‘yicha juda yuqori o‘rinda turadi. Ana shu texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirib, ularni o‘zlashtirishimiz kerak. Bu sohada sekin-asta Xitoy bizni egallamoqda. Shu sababli bu yo‘nalishda Italiya mahsulotlarini olib kirish zarur.
Shuningdek, O‘zbekistonda arzon ishchi kuchi mavjud. O‘zbekiston mutaxassislar tayyorlab, qimmat ishchi kuchini Italiyaga olib kirishi lozim. Chunki o‘sha mutaxassislar Italiya tajribasini o‘rganib, kelajakda O‘zbekistonga olib kelsa, katta yutuqqa erishgan bo‘lar edik.
— Italiya biznesi O‘zbekistonga kirib kelishi uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
Nodir Rasulov, iqtisodiy tahlilchi
— Yaqinda O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot bo‘lib o‘tdi. Yangi konstitutsiyada asosan inson huquqlari va Jahon savdo tashkilotiga kirish masalasiga katta eʼtibor qaratilgan. Jahon savdo tashkilotiga kirishning katta talablari bor. Hozir biz xorijdan investor jalb qilishga harakat qilyapmiz. Lekin xorijlik investorlar biroz ehtiyotkor harakat qilmoqda. Ayniqsa, Yevropa biznesmenlarining talablari juda yuqori. Chunki ular katta investitsiya olib kiradi.
Hozirda xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda qulay muhit yaratishga harakat qilinmoqda. Albatta, bu nafaqat Italiya tadbirkorlarini, balki boshqa davlat investorlarining ham O‘zbekistonga qiziqishini oshiradi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 1200 ga yaqin xorijiy kapital ishtirokida korxonalar mavjud. Shular ichida Italiya korxonalarining soni 52 tani, Germaniya korxonalarining soni esa 202 tani tashkil etadi.
Asrorbek Sattorov, siyosatshunos:
— Hozirgi imzolangan shartnomalarning istiqboldagi ko‘lami 10 milliard dollarga baholanmoqda. Hozir Italiyaning 52 ta korxonasi bor, lekin bu kam. Korxonalar sonini 100 dan oshirish kerak. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida imzolangan shartnomalarni qarasak, Italiya O‘zbekistonning diplomatik korpus vakillariga vizasiz rejimni joriy qilganini ko‘rishimiz mumkin. Bu narsani Italiya uncha-muncha davlatga joriy qilmaydi.
Markaziy Osiyoning ham iqtisodiy, ham siyosiy barqarorligi uchun Italiya muhim. Juda ko‘p ekspertlar bu mintaqa asosan Rossiya yoki Xitoy bilan hamkorlik qiladi, deb aytadi. Lekin so‘nggi vaqtlarda tashqi savdo hamkorlarimiz ichida Germaniya top-10 ga kirdi. Yaqin kelajakda Fransiya ham top-10 ga kirishi mumkin. Shuning uchun biz Yevropa bozorlariga ham sharoit hozirlashimiz kerak. Bu narsa O‘zbekistonning ham iqtisodiy, ham siyosiy barqarorligi uchun xizmat qiladi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Izoh (0)