Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka chaqirdi.
“Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz. Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning ta’kidlashicha, transafg‘on temiryo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu maqsadga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston afg‘on xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar ko‘mak ko‘rsatishni, Ta’lim markazida esa afg‘on fuqarolarini o‘qitishni faol davom ettiramiz”, — deb ta’kidladi davlat rahbari.
Izoh (0)