Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini bekor qiluvchi qonunni imzoladi. Hujjat Huquqiy axborotning rasmiy internet portalida eʼlon qilindi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 1996-yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan. Hujjat, boshqa davlatlar qatori, Rossiya tomonidan ratifikatsiya qilingan, ammo AQSH va Xitoy uni tasdiqlamagan. Bu esa Rossiya rasmiylariga ratifikatsiyani bekor qilish imkoniyatini beradi, degandi Putin 5-oktyabr kuni “Valday” muhokama klubi yig‘ilishida.
Putinning bayonotidan ertasi kuni Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin parlament quyi palatasi shartnoma ratifikatsiyasini tugatish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. 18-oktyabrda Davlat Dumasi tegishli qonunni qabul qildi, 25-oktyabrda esa qonun Federatsiya kengashi tomonidan ma’qullandi.
Izoh (0)