O‘zbekistonda reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarni buzganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda. Raqobat qo‘mitasi bu borada Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritishga doir qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunida qatʼiy belgilangan bo‘lsada, reklama materialarini tayyorlashda eʼlon qilishda, tarqatilishida davlat tiliga oid qonunchilik talablariga amal qilmaslik holatlarini tartibga solishda muammolar saqlanib qolmoqda.
Shu munosabat bilan reklama materialarini tayyorlashda eʼlon qilishda, tarqatilishida davlat tiliga oid talablarga amal qilmaslik uchun javobgarlikni belgilash davlat tilimizga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirishga va munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Qo‘mita Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-1-moddasi ikkinchi qismini “reklama tarqatishda davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik” degan so‘zlar bilan to‘ldirishni taklif qildi.
Unga ko‘ra, fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik yoki aksilreklama berishdan bosh tortganlik, davlat tiliga doir talablarga amal qilmaganlik, xuddi shuningdek reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik uchun BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mdan 2 mln 310 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun reklama sohasida davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirishga va munosabatlarni tartibga solishda hamda davlat tiliga oid qonunbuzilishlarni oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh (0)