Toshkent shahri markazida tirbandliklarga sabab bo‘layotgan Nukus va Bobur ko‘chalaridagi taʼmirlash ishlari 2−3-noyabr kunlari tugatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ishlar doirasida asfalt qoplamasini yangi texnologiyalar asosida yangilash, yangi yo‘lusti belgilarini chizish, hududga qo‘shimcha daraxt va butalar ekilishi ko‘zda tutilgan.
“Bo‘lib o‘tayotgan keng ko‘lamli yo‘l taʼmirlash ishlari aholi noroziligiga, tirbandliklarga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, yog‘ingarchiliklar sababli hamda kunduzgi tirbandliklarni biroz kamaytirish maqsadida ishlar asosan tungi soatlarda amalga oshirilmoqda. Bu vaziyat uchun shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raymiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, tarmoq quvurlaridagi ta’mirlash ishlari tufayli 10-sentyabrdan 5-oktyabrgacha Muqimiy ko‘chasi qisman to‘sib qo‘yilgandi. Bir necha kun oldin esa Bobur ko‘chasining Toshkent xalqaro aeroportidan Muqimiy va Nukus ko‘chalari bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilishi ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)