Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Tojikistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi.
Jumladan, o‘zbek—tojik davlat chegarasining Sariosiyo tumani Chashma qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida 4 dona ryukzakda 39 kilogramm 409 gramm geroin, 35 kilogramm 745 gramm opiy va 14 kilogramm 545 gramm gashish moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda holat yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu umumiy og‘irligi 89 kilogramm 699 gramm bo‘lgan giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avgust boshlarida DXX Samarqand viloyatida giyohvand moddalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan guruhni qo‘lga olgandi. O‘shanda Urgut tumanida yashovchi 1978 va 1986-yillarda tug‘ilgan opa-singil 911 gramm opiy giyohvandlik moddasini 12 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, Toshkentda Kia mashinasida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)