Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida ichimlik suvidan ekinlarni sug‘orib kelgan fuqaro jazolandi. Bu haqda “Qashqadaryo suv ta’minoti” axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 6-oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida shu tumanning Uymovut qishlog‘ida yashovchi fuqaro Y.A.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib, Shahrisabz—Qarshi magistral quvuriga d-76 mm li quvur orqali noqonuniy ulanib, ichimlik suvidan ekinlarni sug‘orib kelgan. Mazkur qonunbuzilish holati “Qashqadaryo suv ta’minoti” MChJ va Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish viloyat hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida aniqlangan.
Sud to‘plangan hujjatlar va tomonlarning ko‘rsatmalarini o‘rganib, Y.A.ga 1 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosini tayinladi. Shuningdek, undan “Qashqadaryo suv ta’minoti” foydasiga 60 693 732 so‘m zarar undiriladigan bo‘ldi.
Bundan avval viloyatning Nishon tumanida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanib, dehqon xo‘jaligini sug‘orib kelgan fuqaro 3 yilga qamalgandi. Undan 282 million 716 ming 280 so‘m zarar undirilishi ham belgilangandi.
Izoh (0)