Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktab o‘quvchilari ushbu maktab direktoriga qarashli sholi dalasida ishlashga majburlangani haqida xabarlar tarqaldi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi holat yuzasidan bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Xorazm viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi o‘rganish olib bordi. O‘rganish davomida Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-maktabning 9-a sinfi bir guruh o‘quvchilari tumandagi “Durdona” mahallasida joylashgan “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligiga tegishli sholi dalasida dars mashg‘ulotlaridan so‘ng ushbu xo‘jalik rahbarining taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga dalada o‘rilgan sholini to‘plash ishlarini bajarishga jalb qilingani aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani “Ibrohim baliqchi” fermer xo‘jaligi rahbariga voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan mehnat qonunchiligi va bolalar mehnatidan ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanganligi uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 3-qismi va 49¹-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman sudiga o‘tkazildi.
Izoh (0)