Stokgolmda kimyo bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlarining ismlari e’lon qilindi.
Bular — amerikalik olimlar Mungi Bavendi va Luis Bryus, shuningdek, Amerikaning Nanocrystals Technology Inc kompaniyasida ishlovchi sovet va rus olimi Aleksey Yekimovlar. Mukofot olimlarga “kvant nuqtalarini yaratish va sintez qilish usulini ishlab chiqqani uchun” berildi.
4-oktyabr kuni ertalab Shvetsiya OAV Qirollik Fanlar akademiyasi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari nomi rasman e’lon qilinishidan bir necha soat oldin xatolik tufayli mukofot sovrindorlari nomini elektron pochta orqali tarqatib yuborgani haqida xabar qildi. Ro‘yxatda Mungi Bavendi, Luis Bryus va Aleksey Yekimovlar bo‘lgan.
Shundan so‘ng Qirollik Fanlar akademiyasi mukofotni kim olishi haqida yakuniy qaror qabul qilinmaganini, rasmiy e’lonni kutish kerakligini aytdi.
2022-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti organik sintezning innovatsion usullari uchun amerikaliklar Karolin Bertosi va Barri Sharplessga, shuningdek, daniyalik Morten Meldalga berilgandi.
Nobel haftaligi davomida 5-oktyabr kuni adabiyot bo‘yicha mukofot sohibi e’lon qilinadi. 6-oktyabr kuni Osloda tinchlik bo‘yicha mukofot laureati nomi e’lon qilinadi, 9-oktyabrda esa iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel mukofoti sovrindori nomi ma’lum bo‘ladi.
Izoh (0)