O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Prezidentni Qatar bosh vaziri – tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad ibn Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Davlat tashrifi dasturiga muvofiq, ertaga oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, yetakchilar O‘zbekiston-Qatar munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi.
Prezident Qatar ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Muzokaralar yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolangan.
Izoh (0)