Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida qalbaki AQSH dollarlarining muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning O‘rta Vhirchiq tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda I.O. ismli shaxs fuqaro M.N.ga qalbaki 10 ming dollarni 85 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, uning yonidan yana 27 dona 100 dollarli qalbaki kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Qalbaki pullar muomalasi
Bundan oldin Navoiy viloyati IIB TQX JQB, DXX Navoiy viloyati boshqarmasi va departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoiy guruh tomonidan 400 million so‘m soxta pullar 160 million so‘m haqiqiy pullarga almashtirilayotgan paytda qo‘lga olingandi. Aprel boshlarida esa Toshkent shahri Yangihayot tumanida xaridor qalbaki pulga iPhone sotib olgani, Toshkent viloyati Angren shahrida qalbaki pullar muomalaga kiritilishining oldi olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
2022-yil noyabrida Namangan viloyatida qalbaki 8 300 dollarni muomalaga kiritishga uringan shaxs ushlangan edi. Dekabrda esa Namanganda MIB idorasida qalbaki 10 000 dollar yoqib yuborilgan.
Izoh (0)