Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida ro‘y bergan favqulodda hodisa tufayli aholi uylariga yetkazilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bosh vazir matbuot xizmati bu bo‘yicha tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolik va jinoyat qonunchiligi bo‘yicha xususiy tadbirkorning noqonuniy harakatlari oqibatida boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni davlat emas, balki aybli harakat sodir qilgan tadbirkorning o‘zi qoplab berishi kerak. Lekin nega bunday qilinyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Protsessual qonunchilikka ko‘ra, sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish hamda zarar qoplash bo‘yicha tergov harakatlari va sud jarayoni ko‘p vaqt talab etadi. Bugungi kunda mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ana shu jihatlarni inobatga olib, yong‘in oqibatida xonadonlariga talafot yetgan fuqarolarni sovuq tushmasdan tezroq uylariga kiritish bo‘yicha hukumat oldiga qatʼiy topshiriq qo‘ygan va uning ijrosini shaxsan o‘zi doimiy nazorat qilib turibdi. Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 23-moddasida davlat o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi belgilangan.
“Shu bois, tergov va sud jarayonlari yakuniga yetguniga qadar taʼmirlashga kerak bo‘ladigan mablag‘lar zaxira jamg‘armasidan ishlatib turilibdi.
Shuni alohida qayd etmoqchiman, tergov va sud ishlari yakuniga yetgach, taʼmirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinadi”, — deyiladi xabarda.
Sergeli tumanidagi kuchli portlash
Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida Inter Logistics MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash va yong‘in 28-sentyabr kuni tunda sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 kishini tashkil etdi, bir nafar o‘smir hodisa oqibatida vafot etdi. Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sodir bo‘lgan favqulodda hodisani o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha prezident topshirig‘iga ko‘ra hukumat komissiyasi tuzildi. Unga ko‘ra, komissiya favqulodda holat oqibatida zarar yetkazilgan har bir uy-joyni, jumladan, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qismlari, deraza va romlari hamda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan boshqa bino va inshootlarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha moddiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘radi.
Izoh (0)