Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyihada Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Ular:
- bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari, shu jumladan g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari;
- davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan xorijiy xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar hamda O‘zbekiston hududida o‘tkazilgan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan qabul qilib olingan sovg‘alar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Loyiha muhokamasi joriy yilning 4-oktabr sanasiga qadar davom etadi.
Avgust oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Open Data Watch tashkilotining Open Data Inventory (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida 70 ball yig‘ib, jahon bo‘yicha 30-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egallagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)