Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan AQSHga yetib bordi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbarini aeroportda Nyu-York shahri meri Erik Adams, AQSH—O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 19-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zlaydi hamda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qiladi.
Yilning bosh xalqaro siyosiy tadbiri doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilari sammiti, xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSHning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)