O‘zbekiston Qatar bilan oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda 13-sentabr kuni imzolangan “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Mazkur bitim 2023-yil 6-iyunda Qatar amiri Samarqand shahriga tashrif buyurganda imzolangan.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad al-Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Muzokaralar yakunida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolangan.
Izoh (0)