Toshkentda King Long rusumli avtobus o‘rta g‘ildiraklari quduqqa tushib ketishi oqibatida avtobus o‘rta qismi — “garmoshka”siga shikast yetdi. Holat aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 11-sentabr kuni soat 21:35 larda Yangihayot tumanida yuz bergan.
131-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan King Long rusumli avtobus Sergeli 1-mavzesi, “Izumrud” restorani qarshisiga yetganida avtobusning o‘rta g‘ildiraklari yo‘lning qatnov qismida joylashgan quduqqa tushib ketgan.
Quduqning atrofi cho‘kishi oqibatida chuqurlik hosil bo‘lgan va avtobusning o‘rta g‘ildiraklari shu chuqurga tushib ketishi natijasida, mahkamlangan quduq qopqog‘i avtobusning ulangan tag va o‘rta qismi (garmoshka)ga shikast yetkazgan. Avtobusdagi yo‘lovchilarga zarar yetmagan.
Ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Bundan bir necha kun avval Toshkentning Bektemir tumanida ichida yo‘lovchilar bo‘lgan elektrobus beton ustunga borib urilgandi.
Izoh (0)