Toshkent metropoliteni “Beruniy” bekatida poyezd to‘xtab qolgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-sentabr kuni soat 10:10 larda metropolitenni tashqi elektr energiya bilan taʼminlovchi korxonalar elektr tarmog‘ida qisqa uzilish sodir bo‘lgan. Shu sababli “Chorsu” bekatining svetofori o‘chib qolgan va buning natijasida 41-sonli harakat tarkibi belgilangan yo‘riqnomaga asosan bekatga kirib kelishda to‘xtab turgan.
Elektr energiyani qayta tiklash yuzasidan tezkor chora-tadbirlar natijasida 1,5 daqiqadan so‘ng harakat tarkibi o‘z harakatini davom ettirgan.
“Hozirgi vaqtda yo‘nalishda poyezdlar harakati belgilangan jadvalga ko‘ra amalga oshirilmoqda”, — deyiladi munosabatda.
2022-yilda Toshkent metropolitenida kuzatilgan muammolar haqida bir qator xabarlar berilgan edi. Xususan, poyezdlar bir necha bor to‘xtab qolgan, harakat yo‘nalishi cheklangandi. Shuningdek, Toshkent yerusti metrosida yuz bergan qisqa tutashuv yuzasidan rasmiy ma’lumot berilgan, metro poyezdi “Olmazor” bekatida to‘xtab qolgan, metro poyezd nosozlik sabab “Chorsu” bekatida yo‘lovchilarni tushirib qoldirgan edi.
Izoh (0)