O‘zbekistonda 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha “magistr.edu.uz” elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan 20 054 nafar fuqaroning arizalari to‘liq ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlardan 9 074 nafarining hujjati belgilangan talab darajasida bo‘lmagani sababli asoslantirilgan holda rad etilgan. Talab darajasida bo‘lgan 10 980 nafar talabgor arizasi tanlovda ishtirok etgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 6 393 nafar talabgor o‘qishga tavsiya etildi. Shundan:
- davlat granti — 3 238 nafar;
- to‘lov-kontrakt — 3 155 nafar.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan talabgorlarning 2 160 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Talabgorlar natijalarni “magistr.edu.uz” elektron tizimi orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
2021-yilda Shavkat Mirziyoyev “Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Farmonga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yilidan Prezident davlat stipendiyasi kvotasi tayanch doktoranturada o‘qiyotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun 2 barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib, bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir OTMga bittadan etib belgilangan.
Izoh (0)