Afg‘onistonda “Tolibon” harakati Bosh boshqarmasi rasmiylari O‘zbekiston delegatsiyasi bilan avtotransport vositalarini taʼmirlash ustaxonalarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishuv imzoladi. Bu haqda Bakhtar News xabar bermoqda.
Nashr “Tolibon” Bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib yozishicha, boshqarmaning nazorat va siyosat bo‘yicha direktor o‘rinbosari maulvi Sayfuddin Taib O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov, savdo va sanoat vaziri birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmuradov hamda boshqa rasmiylari bilan uchrashgan.
Uchrashuvdan so‘ng fuqarolik va harbiy transport vositalarini taʼmirlash ustaxonalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi “Tolibon”ning savdo va diplomatik hamkorlik yo‘nalishidagi harakatlarini olqishlab, O‘zbekiston qo‘shni Afg‘oniston davlati bilan har qanday hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 26—27-avgust kunlari O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiyaning Afg‘onistonga safari amalga oshirildi. O‘zbekiston rasmiylari va “Tolibon” vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Afg‘oniston bo‘ylab tranzit o‘tishga o‘rnatilgan cheklovni olib tashlash masalasi muhokama qilindi.
Izoh (0)