O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Turkmanistonning yangi elchisi Shadurdi Meredovdan ishonch yorliqlari nusxasini qabul qilib oldi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram’dagi kanali orqali ma’lum qildi.
“So‘nggi yillarda aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajada kengayganiga guvoh bo‘ldik. Erishilgan yutuqlar talaygina, yanada ko‘prog‘i esa hali oldinda. Janob elchiga mamlakatimizdagi faoliyati mobaynida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deb yozadi Baxtiyor Saidov.
Avgust boshlarida Shadurdi Meredov Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Iyul o‘rtalarida Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Yazguli Mammedov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan bo‘shatilgan edi. Yazguli Mammedov 2018-yil iyul oyida O‘zbekistondagi elchi etib tayinlangan edi. Bungacha u Turkmanistonning Malayziya, Bruney-Dorussalom davlati, Indoneziya va Tailanddagi elchisi lavozimlarida ishlagan. Yazguli Mammedov 2012—2018-yillarda Turkmanistonning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasini boshqargan Shiri Shiriyev o‘rnini egallagan.
Izoh (0)