Sherzod Asadov prezidentning matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi. Davlat rahbari bu boradagi tegishli farmonni imzoladi.
Sherzod Asadov 1981-yil 4-mayda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Asadov rus, ingliz, ispan, turk tillarini biladi.
U ish faoliyatini 2007-yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tashqi siyosiy faoliyat tahlili va strategiyasi bosh boshqarmasi referenti, attashesi lavozimidan boshlagan.
Faoliyati davomida Sherzod Asadov O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi attashesi, 3-kotibi (2008—2012), O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining yordamchisi (2015—2017), O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi maslahatchisi — muvaqqat ishlar vakili (2017—2018), O‘zbekistonning Avstriyadagi favqulodda va muxtor elchisi, O‘zbekiston Respublikasining YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili (2018—2020) hamda 2020-yildan 2021-yil martgacha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari sifatida ishlagan.
2021-yil mart oyida prezident raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev administratsiya rahbariyatiga o‘zgartirish kiritilishini maʼlum qilgandi. “Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov administratsiya rahbari o‘rinbosari — prezident matbuot kotibi bo‘ladi. Men bugun shu bo‘yicha farmonni imzoladim. Sherzod Asadovning bilimi bor, xorijiy tillarni biladi, dunyoni ko‘rgan”, — degan edi prezident o‘shanda.
Izoh (0)