Fransiya sobiq prezidenti (2007—2012) Nikolya Sarkozi Ukraina Yevropa Ittifoqiga aʼzo emas, balki “Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi ko‘prik” bo‘lishi zarurligini aytdi. Bu haqda u Le Figaro nashriga bergan intervyusida gapirdi.
“Avvalo, Ukrainaning roli borasida kelishib olish kerak. U Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi kerakmi? Menimcha, yo‘q. Ukraina G‘arb va Sharqni bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib kelgan. Shunday bo‘lib qolishi kerak”, — dedi Sarkozi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Kiyevga uning YIga qo‘shilishi haqida “yolg‘on va’dalar bermoqda”. Ayni paytda u Ukraina ittifoqqa kirmasdan ham G‘arbdan xavfsizlik kafolatlarini olishga haqli, deb qo‘shimcha qildi.
Urush borasida fikr bildirar ekan, Sarkozi Ukraina Qrimni qaytarib olishi dargumon ekanini aytdi. Shu bilan birga u 2014-yilda Rossiyaning yarimorolni bosib olishi “xalqaro huquqni ochiqdan ochiq buzish” bo‘lganini ta’kidladi.
“Ammo 1954-yilgacha rus bo‘lgan va aholisining aksariyati o‘zini doim rus deb biladigan bu hudud haqida gap ketganda, menimcha, orqaga qaytish illyuziya”, — dedi Sarkozi.
Sarkozi Rossiya — Ukraina urushini tugatish uchun “muvozanatli yechimlar” topish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, vaziyat “murosa ustida ishlashni” talab qiladi.
Izoh (0)