Turkmanistonda Mari viloyati sobiq hokimi Dovranberdi Annaberdiyev va Ahal viloyati sobiq hokimi Yazmuhammet Gurbanov 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda manbalarga tayanib, Turkmennews xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq amaldorlar bir kunda, ammo turli jinoiy ishlar bo‘yicha sudlangan. Har ikki sobiq hokimlarga 7-avgust kuni hukm chiqarilgan. Annaberdiyev o‘tgan qishda sodir bo‘lgan Qoraqum kanali yorilishi sababli sudga tortilgan.
Gurbanovning jinoiy javobgarlikka tortilishi sababi noma’lum, biroq u iyul oyida Annaberdiyev va boshqa ko‘plab mansabdor shaxslar bilan “ishdagi jiddiy kamchiliklari uchun” ishdan bo‘shatilgan.
Turkmennews’ning mamlakat huquq-tartibot idoralaridan biridagi manbasiga ko‘ra, ikkala sobiq hokimning ishida ham beparvolik va o‘g‘rilik holatlari qayd etilgan.
“Rasmiy OAV hukm haqida xabar bermadi. Ba’zida Turkmanistonda amaldorlar omma oldida ozodlikdan mahrum etilib, milliy televideniyeda namoyish qilinadi. Ammo mazkur holatda bunday bo‘lmadi”, — deyiladi xabarda
Izoh (0)