Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasida Afg‘onistonda terrorchi tashkilotlarning ta’siri kuchayayotgani, bu esa Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid solishini aytdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Shoyguga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun asosiy tahdidlar Afg‘oniston hududida to‘planib bormoqda.
“Rossiya Mudofaa vazirligi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi ittifoqchilar xavfsizligini taʼminlash ishlariga eʼtibor qaratmoqda”, — dedi Shoygu.
Rossiya mudofaa vazirining iddaosiga ko‘ra, ayni paytda G‘arb Afg‘onistondagi pushtun bo‘lmagan harbiy guruhlarni faol qo‘llab-quvvatlab, Markaziy Osiyoda “konflikt o‘chog‘i” yaratishga intilmoqda.
“Shundan keyin G‘arb uni zararsizlantirish uchun o‘z yordamini taklif qiladi”, — dedi u.
Shuningdek, Shoygu Rossiya Afrika davlatlari bilan harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirishini taʼkidladi. U bu davlatlar o‘z xavfsizligini mustaqil himoya qila olishi uchun zamonaviy qurolli kuchlarga ega bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)