2023-2024 yilgi o‘quv yiliga 732 960 nafar bolalar 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. Davlatimiz tomonidan shunga mos ravishda prezident sovg‘asi tayyorlangan. 14-avgust holatiga ko‘ra hududlarimizga 80 foiz yetib bordi, tuman hamda maktablarga tarqatish jarayoni davom etmoqda.
Har yili 12 turdagi o‘quv anjomlarini o‘z ichiga olgan prezident sovg‘asi 1-sinf o‘quvchilariga beriladi. Belgilanganidek, bu yil 4-sentabr, yangi o‘quv yilining ilk kunida bolajonlarimiz ushbu sovg‘alarni qabul qilib olishadi.
Yangi o‘quv yiliga hozirlangan o‘quv anjomlarining sifati, uzoq yillik foydalanilishi, qulay ekanligiga katta e’tibor berildi. Yana bir jihati, o‘tgan yillarda hududlar yoki chekka tumanlarga ba’zan kechikib borish holatlari kuzatilar edi, hozir bunday muammo yo‘q, rejaga muvofiq 25-avgustgacha maktablarni ta’minlab bo‘lamiz.
Yana bir ma’lumotga aniqlik kiritib ketishim zarur. Ko‘pchilik xususiy maktablarning 1-sinf o‘quvchilariga ham prezident sovg‘asi beriladimi, deb so‘raydi. Ha, albatta. Boshqa vazirlik yoki idoralar tasarrufidagi, xususiy maktablarga ham tarqatiladi, buning uchun kerakli zaxira hozirlangan.
Respublikda mavjud 100 ga yaqin imkoniyati cheklangan bolajonlar maktablari, uyida ta’lim olayotgan yoshlarimizga ham prezident sovg‘asi beriladi. E’tiborli tomoni, uyida bilib olayotganlar qaysi sinf bo‘lishidan qat’iy nazar ushbu sovg‘ani qabul qilib olishadi.