Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘iston poytaxti Maxachqal’adagi yonilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan yong‘in oqibatida 105 kishi jabrlangan, ulardan 35 nafari halok bo‘lgan.
Rossiya FVVning 70 dan ortiq xodimi Maxachqal’adagi yong‘in joyida tuzilmalarni demontaj qilish va qurbonlarni qidirishda davom etmoqda.
15-avgust kuni Dog‘iston bo‘ylab bir kunlik motam e’lon qilindi.
Maxachqal’ada 15-avgustga o‘tar kechasi “Globus” savdo markazi yaqinidagi avtoservis binosida kuchli portlash sodir bo‘lgan. OAVga ko‘ra, portlashdan so‘ng yong‘in boshlangan va olov yonilg‘i quyish shoxobchasiga ham o‘tgan. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov portlash dastlab Maxachqal’a chekkasidagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida sodir bo‘lgani haqida yozdi.
Avval hodisada 27 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berildi.
Portlash va yong‘inning aniq sabablari hozircha o‘rganilmoqda.
“Huquq-tartibot idoralari tekshiruv o‘tkazmoqda, yakunda adolat qaror topishi va dog‘istonliklarning xavfsizligi ta’minlanishi uchun hamma narsa qilinadi”, — dedi Melikov.
Izoh (0)