Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) rus va ukrain kuchlari o‘rtasida shiddatli jang ketayotgan Baxmut va Avdiivkadagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina Qurolli kuchlari Baxmutning janubiy qanotida hujum operatsiyalarini davom ettirmoqda, ammo oldinga siljimadi. Tahlilchilar rus harbiylari Baxmutda cheklangan qarshi hujumlarni davom ettirib, shahar shimoliga qarab oldinga o‘tganini aytdi.
Shuningdek, hisobotda Rossiya harbiy muxbirlarining maʼlumotlari keltirib o‘tilgan. Unda rus kuchlari Klishchiyevka yaqinida muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirgani va Ukraina harbiylarini bir qancha nomaʼlum istehkomlardan siqib chiqargani aytilgan. Biroq ISW tahlilchilari buning vizual tasdig‘i yo‘qligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari Avdiivka-Donetsk liniyasida hujum operatsiyalarini davom ettirgani, ammo hech qanday tasdiqlangan muvaffaqiyatga erisha olmagani aytilgan.
Ta’kidlanishicha, Ukraina Qurolli kuchlari frontning kamida uchta sektorida qarshi hujum operatsiyalarini davom ettirgan va alohida sektorlarda oldinga siljigan. Geolokatsiya tasvirlari Ukraina qo‘shinlari Zaporojye viloyati Rabotino shahridan shimoli-sharqda oldinga siljiganini ko‘rsatmoqda.
Izoh (0)