Turkiya dronlari Iroq shimolidagi Sulaymoniya viloyatiga hujum qilib, Kurdiston ishchilar partiyasining ikki a’zosini o‘ldirdi. Bu haqda kurd xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayanib, Al Arabiya News va Rudaw xabar bermoqda.
Kurd xavfsizlik xizmatidagi manbaning aytishicha, zarba Sulaymoniya g‘arbidagi Chamchamal shahrida joylashgan KIP pozitsiyalariga berilgan. Rudaw manbasi esa hujum shu viloyatdagi Agjalar shahrida sodir etilganini ta’kidladi. Agjalar shahri meri Xemin Baxjat hujum haqida hech narsa bilmasligini, rasmiylar qurbonlarni topmaganini aytdi. Ayni paytda u yaqin atrofdagi Chnartu qishlog‘ida yong‘in yuz berganini qo‘shimcha qildi
Reuters agentligiga kurd xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Turkiya chegarasidagi Amadiya shahri yaqinida boshqa bir dron hujumi oqibatida KIP a’zosi halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.
Ma’lumot uchun, Turkiyada KIP a’zolari terrorchi deb e’lon qilingan, ular bo‘lginchilikda ayblanadi. Anqara Iroq shimoliga muntazam ravishda havo hujumlari uyushtirib, guruh postlariga hujum qiladi.
2022-yil noyabr oyida Turkiya Iroq va Suriya shimolidagi kurdlar joylashgan hududlarda “aksilterror operatsiyasi”ni o‘tkazdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, “terrorchilar ushbu hududlardan Turkiyaga hujumlar uchun baza sifatida foydalangan”.
Izoh (0)