Isroil harbiylari G‘arbiy Sohildagi Jenin shahri yaqinida uch nafar falastinlikni otib o‘ldirdi, deb xabar berdi Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati Twitter’da.
Harbiylarning da’vo qilishicha, falastinliklar Jenin shahridagi lagerni tark etib, “isroillik tinch aholi orasida terakt uyushtirish uchun yo‘lga chiqqan”.
Isroil askarlari falastinliklar ketayotgan mashinaga qarata o‘t ochgan. Falastin hodisa yuzasidan hozircha bayonot bergani yo‘q.
5-avgust kuni Tel-Avivda Jenin shahridan kelgan 27 yoshli falastinlik shahar xavfsizlik xodimiga qarata o‘t ochgani haqida xabar berilgandi. Oqibatda xavfsizlik xodimi yaralangan, falastinlik esa zararsizlantirilgan.
Iyul oyi boshida Isroil Jenin shahrida “aksilterror operatsiyasi”ni o‘tkazdi. O‘shanda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu shahar isroilliklarga hujum qiladigan “terrorchilar boshpanasiga aylanganini” aytdi. G‘arbiy Sohilga aviazarbalar berildi. Oqibatda o‘nga yaqin falastinlik halok bo‘ldi.
Falastin Isroilning Jenindagi “operatsiyasi”dan keyin Isroil tomoni bilan barcha aloqalarni uzdi. Mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, tashkilotdan falastinliklarni himoya qilishni so‘radi.
Izoh (0)