Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 3—5-avgust kunlari mamlakat mudofaa korxonalarini, jumladan, raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi korxonalarni ko‘zdan kechirdi, deb xabar berdi Koreya Markaziy axborot agentligi.
O‘ta yirik kalibrli snaryadlar ishlab chiqaradigan zavodga tashrifi chog‘ida Kim Chen In zavodda yaqinda amalga oshirilgan texnologiyalar va yig‘ish liniyalari modernizatsiyasi, shuningdek, joriy ishlab chiqarish jarayoni bilan shaxsan batafsil tanishdi, deb xabar berdi agentlik.
Bundan tashqari, KXDR yetakchisi qanotli raketalar va dronlar uchun dvigatellar yig‘uvchi korxonaga tashrif buyurib, ushbu mahsulotlarning texnik xususiyatlarini yaxshilash va ishlab chiqarish hajmini oshirishga chaqirdi.
Shuningdek, Kim Chen In o‘qotar qurollar ishlab chiqaradigan zavodga tashrifi chog‘ida bu turdagi qurollarni modernizatsiya qilish hozirda eng muhim vazifa ekanini aytdi.
Avgust oyida Janubiy Koreya va AQSHning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tishi kerak. Seul va Vashington bu mashg‘ulot mudofaa maqsadida ekanligini ta’kidlamoqda. Biroq Pxenyan bu manyovrlarni Shimoliy Koreyaga qarshi harbiy amaliyot uchun repetitsiya deb hisoblamoqda.
Izoh (0)