Andijonda yurishga qiynalayotgan abituriyent qizni yelkasida ko‘tarib, imtihon joyiga kuzatib qo‘ygan IIB xodimi viloyat hokimi tomonidan taqdirlandi.
5-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimi abituriyent qizni yelkasida ko‘tarib ketayotgani aks etgan surat tarqalgandi. “IIB xodimi deganda xalq o‘z huquqlari himoyachisi, birdan jazolashga tushib ketmay majburiyatlarini eslatuvchi do‘stini ko‘rishi kerak”, — deb yozgan rasmni ulashgan bloger Zafarbek Solijonov. “Bizga kerak bunday IIB xodimlari”, — deb ta’kidlagan bloger Nozim Safarov.
Shu kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov IIB xodimini taqdirlagani ma’lum bo‘ldi. Taqdirlash DXX kubogi Andijon viloyati bosqichining final o‘yini ochilish marosimida bo‘lib o‘tgan.
Viloyat hokimi Telegram kanalida e’lon qilingan videoda Shuhrat Abdurahmonov IIB xodimga minnatdorlik bildirgani, tashakkurnoma topshirilib, televizor sovg‘a qilinganini ko‘rish mumkin.
“Andijonimizning IIB xodimlari qanaqa ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi”, — deb qayd etgan hokim. “O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman”, — degan IIB xodimi bunga javoban.
Izoh (0)