Joriy yilning 4-avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank umumiy qiymati 100 million AQSH dollari bo‘lgan 5 yillik xalqaro obligasiyalarni xususiy joylashtirishni yakunladi.
Mazkur tranzaksiyada investor sifatida Xalqaro moliya korporasiyasi, Avstriya taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investisiyalari banki, Germaniya taraqqiyot moliya instituti hamda tashkilotchi bank sifatida Fransiyaning Societe Generale banki ishtirok etdi.
Jalb qilingan investisiyalarning asosiy qismi “yashil” loyihalar, jumladan, energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil” qurilish, qayta tiklanadigan energiya hamda suvni tejashga oid loyihalar, shuningdek kichik va o‘rta biznes hamda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Ushbu tranzaksiya Prezidentimizning shu yil 31-iyuldagi “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirildi. Hujjatda Bank tomonidan joriy yil yakuniga qadar kapital bozorlarida 100 million dollarlik “yashil” obligasiyalarning chiqarilishi va joylashtirilishi belgilangan.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank 2019-yilda O‘zbekiston tijorat banklari orasida birinchilardan bo‘lib xalqaro qarz bozoriga chiqqan. Unda Bank tomonidan London fond birjasiga 300 million dollarlik yevroobligasiyalar joylashtirilgan.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)