Alp tog‘larida 1986-yilda bedarak yo‘qolgan germaniyalik alpinistning qoldiqlari topildi, deb xabar bermoqda “Zakon.kz”.
Ismi keltirilmagan nemis alpinistini politsiya u 1986-yilgi sayohatdan qaytmaganidan keyin qidira boshlagan. O‘shanda alpinist 38 yoshda edi, biroq qidiruvlar muvaffaqiyatsiz tugadi va o‘nlab yillar davomida uning qayerdaligi sirligicha qoldi.
2023-yil, 12-iyul kuni Shveysariyaning Matterhorn tog‘larida yurgan alpinistlar odam qoldiqlari va bir nechta jihozlarga duch keldi.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, qoldiqlar muzlikdan topilgan va sud-tibbiy ekspertizasi uchun Vale kasalxonasiga olib ketilgan. DNK tahlili 1986-yildan beri bedarak yo‘qolgan deb topilgan alpinistning shaxsini tasdiqlagan.
Politsiya tog‘dagi qordan chiqib turgan bir poy qizil bog‘ichli etik suratini e’lon qildi. Rasmda bedarak yo‘qolgan shaxsga tegishli lager jihozlari ham ko‘rinadi.
Sayyohning o‘lim holatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Muzliklarning chekinishi bir necha o‘n yillar oldin bedarak yo‘qolgan alpinistlarni topishga tobora ko‘proq imkon bermoqda. Bunday qoldiqlar turli tog‘larda, jumladan, Italiyaning Blandasida topilgan.
Izoh (0)