O‘zbekistonda 2023-yilning olti oyi davomida OAVda eʼlon qilingan tanqidiy materiallar bo‘yicha qo‘pol qonun buzilish holati yuzasidan 29 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan olti oy davomida o‘tkazilgan monitoringda jami 678 ta tanqidiy maqola aniqlanib, ular yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, o‘tgan davrda prokuratura organlari aralashuvi talab etiladigan tanqidiy materiallar soni 496 tani tashkil etgan.
Ushbu tanqidiy materiallar prokuratura organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, barchasiga rasmiy bayonotlar berilgan.
Tanqidiy materiallar bo‘yicha qo‘pol qonun buzilish holati bo‘yicha 29 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 32 ta fuqaroning huquqlari tiklangan.
Shuningdek, davlat organlarining huquqiy hujjatlarini tizimli ravishda o‘rganish natijasida:
- 26 mingga yaqin qonunga zid hujjatlarga protest keltirildi, qonunbuzilish sabablarini bartaraf etish borasida tegishli idoralarga 14 mingta taqdimnoma kiritilgan;
- 640 mlrd so‘m zararni undirish haqida sudlarga 15 mingdan ortiq arizalar kiritilgan;
- 225 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
Izoh (0)