Norvegiyadagi radikal so‘lchi Rodt (“Qizillar”) partiyasi yetakchisi Bornar Moksnes Hugo Boss brendidagi quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynakni o‘g‘irlab, qo‘lga tushganidan keyin iste’foga chiqdi, deb xabar bermoqda Politico.
Nashrning yozishicha, Moksnes ko‘zoynakni 16-iyul kuni Oslo aeroporti do‘konidan o‘g‘irlagan. Voqea videokuzatuv kameralariga tushib qolgan, o‘g‘irlik videosi tezda internetda tarqalgan. Moksnes dastlab kasallik ta’tiliga chiqdi, 24-iyul kuni esa iste’foga chiqishini e’lon qildi.
“Ko‘pchilik mendan qanday qilib bunday ahmoqlik qilganimni so‘radi. So‘nggi haftalarda o‘zimga bu haqda ko‘p savol berdim. Menda adekvat tushuntirish yo‘q”, — deb yozdi u Facebook’da.
Moksnesning qo‘shimcha qilishicha, u partiyaga a’zoligini va deputatlik lavozimini saqlab qolish niyatida.
Rodt — radikal so‘l sotsialistik partiya. U mamlakatda mulkiy tengsizlikni kamaytirishni o‘z maqsadlaridan biri, deb e’lon qilgan. Partiya Norvegiya parlamentida sakkizta o‘ringa ega. Bornar Moksnes Rodtni 11 yil boshqargan.
Avvalroq Yangi Zelandiya adliya vaziri mast holatda rulga o‘tirib, yo‘l transport hodisasini sodir etganidan keyin iste’foga chiqqandi.
Izoh (0)