Namanganda yoz chillasida ham qulupnay yetishtirish hadisini olgan mirishkorlar ko‘paymoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Uchqo‘rg‘onlik fermer Murodjon Qosimov shunday dehqonlardan biri. Ota oldinlari qish qahratonida daryoda cho‘milishi bilan barchani hayratga solgan bo‘lsa, endi yoz chillasida qulupnay yetishtirayotgani bilan ajablantirmoqda.

Uchqo‘rg‘onlik fermer Murodjon ota Qosimov
Foto: Jahongir Akramov
“Yozda pishgan qulupnayning qator afzal tomonlari bor. Birinchidan, ushbu mevani sog‘inishga ulgurganlar uchun ayni muddao, ikkinchidan, taʼmi juda shirin, murabbo qilmoqchi bo‘lsangiz shakarga ham deyarli hojat yo‘q”, — deydi Murodjon ota.

Foto: Jahongir Akramov
U kishining dalasida har metrda 60-70 ta ko‘chatga duch keldik. Ularning deyarli barchasi g‘uj meva tukkan.

Foto: Jahongir Akramov
Murodjon otaning aytishicha, jaziramada ham qulupnay yetishtirish uchun dehqondan mehnat, sabr va aql talab etiladi. Shuningdek, ko‘chatlarga vaqtida ozuqa va suv berish, ekinni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik ham.

Foto: Jahongir Akramov
Maʼlumot uchun, jaziramada pishgan qulupnayning kilogrammi dalaning o‘zida 15-20 ming so‘mdan sotilmoqda. Xaridorga yetib borguncha bu narxga yana biroz qo‘shilishi mumkin.
Izoh (0)