Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Ibrat” MFYda joylashgan “Ominaxon” nomli nodavlat oilaviy MTTda 18-iyul kuni 21 yoshli tarbiyachi ikki nafar (5-6 yoshli) bolani uy oyoq kiyimi bilan urgan. Holat yuzasidan IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tarbiyachi ishdan bo‘shatilgan.
Maktabgacha taʼlim agentligi mas’ul xodimlari holat yuz bergan bog‘chada o‘rganish olib borgan. Bu haqda agentlik axborot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.
Aniqlanishicha:
- tashkilot 25 nafar tarbiyalanuvchilarga moslashtirilmagani;
- tadbirkor ijtimoiy kontingent toifasiga kiruvchi oila farzandlarini imtiyozli ravishda ushbu hududdagi Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun belgilangan miqdorda qabul qilmagani;
- tashkilotning hojatxonasi, oshxonasi, omborxonasi talab darajasida emasligi;
- tashkilot direktori hamda tarbiyachi bitta shaxsligi,
- tarbiyachi yordamchining pedagog maʼlumotga ega emasligi maʼlum bo‘lgan.
Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tadbirkorga ogohlantirish berilgan. Ushbu muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda tadbirkor bilan tuzilgan bitim bir tomonlama bekor qilinadi.
Yuqorida bo‘lib o‘tgan holatlar yuzasidan o‘z lavozim majburiyatlariga masʼulyatsizlik qilgan Yangiyo‘l tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi masʼul xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan.
Izoh (0)