Qirg‘iziston hukumati va davlat korxonalari AQSH hamda qator G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni buzgani yo‘q, biroq bunga xususiy kompaniyalar aloqador bo‘lishi ham mumkin, deb xabar berdi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi. Muassasa ushbu holat yuzasidan tekshiruv boshlashga qaror qildi.
“Tasdiq bilan aytishimiz mumkinki, na Qirg‘iziston davlati, na davlat tuzilmalari va kompaniyalari AQSH hamda G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiya cheklovlarining buzilishiga aloqador emas”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Qirg‘iziston bosh vaziri Oqilbek Japarov “Interfaks”ga bergan intervyusida Rossiyaga qarshi cheklovlar buzilgani bo‘yicha sanksiyalar qo‘llashga hech qanday sabab yo‘qligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada mahsulotlarning sanksiyalarni buzgan holda eksport qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilgan.
“Tovarlarni chegaradan o‘tkazishdagi shaffoflik tufayli eksport va mablag‘ tushumlari bo‘yicha real ma’lumotlar bor. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda ishlayapmiz: tovarlarni kuzatish shaffoflashtirilgan, shuning uchun favqulodda holatlarda deklaratsiya qilinmagan yuklarni aniqlash uchun tadbirkorlardan elektron hisob-faktura olishlarini so‘rayman”, — dedi Japarov.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, eksportni ko‘paytirish va Qirg‘iziston tomonidan sanksiyalarning chetlab o‘tilishi ehtimoli bo‘lgan holatlar G‘arb delegatsiyalari vakillari bilan bir necha bor muhokama qilingan.
19-iyul kuni The Washington Post gazetasi AQSH Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzgani uchun Qirg‘izistonga qarshi iqtisodiy choralar ko‘rayotgani haqida xabar berdi. Nashrning yozishicha, Vashington Bishkekni Rossiyaga Xitoy dronlarini yetkazib berishda gumon qilmoqda.
Izoh (0)