Namanganda tadbirkorga tegishli to‘lov terminalini o‘g‘irlab ketgan yigitlar qo‘lga olindi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyul kuni Chust tumanida yashovchi fuqaro Namangan shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, shaharning “Ibrat” mahallasida joylashgan tadbirkorlik subyektiga o‘rnatilgan Paynet to‘lov terminali (infokiosk) o‘g‘irlab ketilganini bildirgan.
Qayd etilishicha, narxi 19 million so‘mni tashkil etgan mazkur to‘lov terminali ichida 4 million 378 ming so‘m bo‘lgan.
Arizaga asosan olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Namangan shahrida yashovchi 21 yoshli ikki shaxs sodir etgani aniqlangan. Ular to‘lov terminali ichidagi pullarni olib bo‘lgach, uskunani Shimoliy Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Holat bo‘yicha Namangan shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Aniqlanishicha, o‘g‘irlikni sodir etgan shaxslardan biri avval ham Jinoyat kodeksining xuddi shu moddasi bilan sudlangan.
Infokiosk o‘g‘rilari
2021-yilda bir hafta ichida Toshkentning Yashnobod tumanida 7 ta to‘lov terminali o‘g‘irlangan edi. Keyinroq gumondagi shaxslar qo‘lga olingan. Ular bundan avval Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo muddatini o‘tab chiqqani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)