Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston Respublikasi samoviy hududida fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga (O‘zR AQ-91) o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyruqni imzoladi. Hujjat bilan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Buyruq matnida yozilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-noyabrdagi 658-son “O‘zbekiston Respublikasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakat samoviy hududida fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Uchuvchisiz uchadigan apparat — uchuvchisiz parvozni amalga oshiradigan yoki to‘liq boshqa joydan masofadan turib boshqariladigan yoxud dasturlashtirilgan va parvozda to‘liq avtonom bo‘lgan havo kemasi (havo kemalari modellari va o‘yinchoq havo kemalari modellari bundan mustasno). Uchuvchisiz uchadigan apparat o‘zida odatda yaxlit tizim sifatida foydalaniladigan uchuvchisiz va masofadan boshqariladigan havo kemalarini birlashtiradi.
Hujjatga ko‘ra, fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparati operatoriga berilgan huquqiy ta’rif biroz o‘zgargan — uchuvchisiz uchadigan apparatni bevosita boshqaruvchi shaxs.
Buyruq bilan tegishli aviatsiya qoidalarining 789¹-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
UUA parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.
Izoh (0)