Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining Maydontol va Laylakchi bo‘limlari hududida yong‘in sodir bo‘ldi.
FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, yong‘in haqida xabar 11-iyul kuni soat 14:00 atrofida kelib tushgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni o‘rmonning 10 gektardan 20 gektargacha bo‘lgan hududini tashkil etdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus otryadi xodimlari zudlik bilan manzilga yetib bordi.
Yong‘in 11-iyul kuni soat 20:00 da to‘liq o‘chirildi. Uni bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar vazirligining O‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus otryadi xodimlari, Mudofaa, Ichki ishlar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari, DXX Chegara kushinlari va tuman FVDT quyi tizimiga kiruvchi xizmatlar kuch va vositalari jalb etildi.
8-iyul kuni kechasi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining Maydontol bo‘limi hududida yong‘in sodir bo‘lgandi. Yong‘in qisqa vaqt ichida FVV xodimlarining tezkor va malakali harakatlari natijasida o‘chirilib, o‘rmonning katta hududiga tarqalishining oldi olingandi.
Izoh (0)