Navoiyda fuqarolar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki dona jayronni otgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 9-iyul kuni Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Bioxilmaxillikni asrash, raqamlashtirish, kadastrini yuritish va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari viloyat IIB YHXB hamda Ekopatrul xodimlari bilan hamkorlikda nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi A-379 yo‘lining 3–4-kilometrida fuqaro Q.SH. boshqaruvidagi Niva to‘xtatilib tekshirilganda mashina yukxonasida 2 dona otilgan Qizil kitobga kiritilgan jayron (kiyik) borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilganda ushbu jayronlar Samarqand viloyati Narpay tumani Boltali qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Q.SH. va Q.F.larga tegishli ov qurollari yordamida noqonuniy ravishda ovlangani aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilib, fuqaro boshqaruvidagi avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi va ov qurollari saqlash uchun Navoiy viloyat IIBga yuborildi. To‘plangan hujjatlar fuqarolarning xati-harakatiga baho berish uchun prokuratura organiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Izoh (0)