Surxondaryo viloyati Boysun tumanida otaxon Haj ziyoratiga jamg‘argan mablag‘i hisobidan yangi ko‘prik qurdi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Boysun tumanidagi “Inkobod” mahallasi “Omonxona” qishlog‘i Kamari aziz ko‘chasida yashovchi fuqaro Raxmat Eshboyev Haj safari uchun jamg‘argan mablag‘ini o‘zi yashab turgan qishloq aholisi uchun zamonaviy ko‘prik qurilishiga sarfladi. Ko‘prikka hokimlik homiyligi asosida mustahkam temir-beton materiali yetkazib berildi. Natijada soy ustida yog‘in-sochinli kunlarda nafaqat piyodalar, balki og‘ir yuk mashinalari ham xavfsiz harakatlanadigan keng, mustahkam ko‘prik barpo etildi.
“Ikki tomonni bog‘lovchi ushbu ko‘prik “Inkobod” mahallasi “Omonxona” qishlog‘i Kamari aziz ko‘chasida istiqomat qilib kelayotgan 20 ga yaqin xo‘jalikning azaliy orzusi edi. Tuman hokimi, “Omonxona” qishlog‘i faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etgan tantanali tadbirda ushbu savobli va xayrli ishlarga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlar haqida iliq so‘zlar va rahmatlar bildirildi. Bu kabi qurilishlar odamlarning mushkulini oson, manzilini yaqin qilgani bilan ham ahamiyatlidir”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)