8-iyun kuni “Qora marvarid tavqi la’nati” filmi 20 yoshga to‘ldi. Shu vaqt ichida filmda bosh rollarni ijro etgan aktyorlar qanchalik o‘zgargani, yulduzlarning karyera va shaxsiy hayoti qanday bo‘lgani haqida ma’lumot beramiz.
Jonni Depp — kapitan Jek chittak
Aktyorning yorqin improvizatsiyalarisiz franshiza bunchalik muvaffaqiyatli bo‘lmas edi. Depp qahramonning xatti-harakatlarini yaqin do‘sti — rok yulduzi Keyt Richardsdan nusxa olgan. Aytgancha, franshizaning 3- va 4-qismlarida The Rolling Stones gitarachisi Jek chittakning otasi rolini o‘ynagan.
Darhaqiqat, Jonnining karyerasi “Qaroqchilar”dan ancha oldin jadal rivojlana boshladi: “Edvard qaychiqo‘l” romantik fantaziyasidagi bosh roli uchun aktyor o‘zining birinchi “Oltin globus”ini oladi.
Muxlislar “Rom kundaligi” filmi Jonni uchun tavqi la’nat bo‘lgan, deb hazillashadi – komediya-drama tanqidchilar tomonidan turli baholarga ega bo‘lgani uchun emas, balki Ember Xerd bilan tanishuvi tufayli. Emberni deb aktyor o‘g‘li va qizining onasi Vanessa Paradi bilan ajrashadi. Ammo yangi nikohi unga tashvishdan boshqa narsa keltirmaydi.
2015-yilda yulduzlar turmush quradi, biroq bir yil o‘tgach, Ember oiladagi kelishmovchiliklarni aytib, ajrashish uchun ariza beradi. Keyin huquqiy jang boshlanadi — aktrisa nafaqat sobiq erini maishiy zo‘ravonlikda ayblaydi, balki u bilan birga yashashning shu qadar jirkanch tafsilotlarini aytadiki, natijada Jonni bir qator reklama shartnomalarini, shu jumladan, “Karib dengizi qaroqchilari”ning davomida suratga tushish imkoniyatini ham yo‘qotadi. Ammo Deppning o‘zi franshizada suratga tushishni xohlamasligini e’lon qiladi.
Sud ikkala aktyorni ham bir-biriga tuhmat qilganlikda aybdor deb topdi, biroq Ember sobiq turmush o‘rtog‘iga 10 million dollar to‘lashi haqida qaror chiqardi. Xerd apellyatsiya arizasini topshirayotgan bir paytda Depp hakamlar hay’ati oldida uni himoya qilgan advokat bilan ishqiy munosabatda bo‘lganligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Muxlislarning fikriga ko‘ra, yaqinda o‘zining 60 yoshini nishonlagan aktyor hali ham kelishgan va og‘ir ajralishdan so‘ng, u ham boshqalar kabi baxtga loyiq.
Orlando Blum — Uill Tyorner
Disleksiya tufayli bolaligida sinfdoshlari Orlandoni masxara qilishgan, ammo bu uning bolalar spektakllarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi. Gildxoll musiqa va teatr maktabida o‘qiyotganda Shekspir, Milton va Chexov pyesalarini o‘rganish yigitni yozma nutq muammolaridan butunlay qutqaradi va o‘qishning uchinchi yilida Blumning omadi keladi — “Uzuklar hukmdori” trilogiyasida Legolas roliga tasdiqlanadi.
“Karib dengizi qaroqchilari” filmidagi roli muvaffaqiyatini yanada mustahkamlashga yordam beradi. Filmda Orlando sevgilisi Elizabet uchun hamma narsaga tayyor oshiq yigit rolini o‘ynaydi. Franshizaning yangi qismida Uill Tyorner 10 yilda bir marta quruqlikka qaytadigan “Uchar golland” kemasining kapitani bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, qahramon yillar o‘tib xotini va o‘smir o‘g‘li bilan uchrashganda, u ham Elizabet Suonn kabi qarimagan bo‘ladi.
Blum 3 yil avval model Miranda Kerrga uylangandi, ularning Flin ismli o‘g‘li bo‘lsa-da, 2016-yilda aktyor Keti Perri bilan uchrasha boshlaydi. Mashhurlar bir necha bor ajralishadi, ammo hozirda ular qizi Deyzi Davni birga tarbiyalashmoqda.
Kira Naytli — Elizabet Suonn
Blum singari Kira ham disleksiyadan aziyat chekkan, ammo aynan shu holat uni astoydil o‘qishga undaydi. Kira bolaligidan filmlarda suratga tushadi, Natali Portmanga o‘xshashligi unga “Yulduzlar jangi” filmida qirolicha Amidalaning egizagi rolini o‘ynashga imkon beradi.
Aktrisaning birinchi muvaffaqiyati “Bekxemdek o‘yna” filmidir, ammo uni yulduzga aylantirgan va rejissorlar e’tiboriga tushgan “Karib dengizi qaroqchilari” bo‘ldi. Kiraning o‘ziga loyihadagi ba’zi jihatlar yoqmaydi: film posterlarida uning qomati haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan tarzda tasvirlangan. Tabiiylik tarafdori bo‘lgan aktrisa intervyusida ko‘rinishi sun’iy ravishda o‘zgartirilishiga qarshi ekanligini, u tanasini xuddi shunday — mo‘rt va nozik qabul qilishini va katta hajmdagi stereotiplarning rivojlanishiga hissa qo‘shishni istamasligini bir necha bor aytgan.
“G‘urur va andisha”, “Badal”, “Hayotda bir marta”, “Bostonlik kushanda” — filmlaridagi obrazlari aktrisani yanada mashhur qildi. 2000-yillarda aktrisa Del Sinnott va Jeymi Dornan bilan munosabatda bo‘lgan. Rupert Frend bilan besh yil uchrashgach, 2013-yilda musiqachi Jeyms Raytonga turmushga chiqadi. Hozirda ularning ikkita qizi bor.
Jeffri Rash — kapitan Gektor Barbossa
71 yoshli aktyor teatr muxlislariga “Qirol Lir”, “Jiddiy bo‘lishning ahamiyati”, “Telbaning eslatmalari” spektakllaridan tanish, biroq kino ixlosmandlari uni “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Jilva” dramasidan taniydi. Ammo “Karib dengizi qaroqchilari” filmi Rashni keng ommaga tanitdi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Jeffri Rash qahramoni franshiza davomida o‘zgaradi: Jekning kemasini o‘g‘irlagan vijdonsiz qaroqchidan yo‘qolgan qizi uchun o‘zini qurbon qilgan mehribon otaga aylanadi.
Tomoshabinlar aktyor ishtirokidagi “Eng yaxshi taklif” trilleri va “Kitob o‘g‘risi” dramasini iliq kutib olishdi. Jeffri shikoyat qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa bu teatrdagi ishlarning kino foydasiga qisqarishi edi. Aktyor rafiqasi Jeyn Menelos bilan 35 yildan beri birga yashab, ikki farzandni tarbiyalashadi.
Jonatan Prays — gubernator Uezerbi Suonn
1976-yilda Prays “Komediyachilar” filmida debyut qiladi. To‘rt yil o‘tgach, aktyor avlodning eng yaxshi Gamletlaridan biri deb tan olinadi.
“Braziliya”, “Evita”, “Don Kixotni o‘ldirgan odam”, “Ikki papa” — bular aktyor ishtirok etgan loyihalarning kichik bir qismi. Biroq u birinchi navbatda Elizabet Suonnning otasi obrazi bilan tanilib, afsuski, “Karib dengizi qaroqchilari” franshizasining qismlaridan birida o‘ladi.
Filmda Prays qahramonlari ko‘pincha yolg‘iz bo‘lishadi, ammo sahna ortida hammasi boshqacha — 1972-yildan beri Jonatan aktrisa Keyt Faxi bilan birga yashaydi. Ularning uch nafar farzandi bor.
Li Arenberg, Makkenzi Kruk, Martin Klebba — qaroqchilar Pintel, Ragetti va Marti
Li Arenberg “Yulduzli yo‘l”da epizodik roli va “Bir paytlar ertakda” filmidagi vaysaqi obrazi bilan, Makkenzi Kruk “Taxtlar o‘yini”, “Xazina izlovchilar” va “Ofis” filmlarida suratga tushgan, Martin Klebba esa “Xenkok” va “Uoll-stritlik bo‘ri” filmlaridagi obrazi bilan tomoshabinlar yodida qolgan.
Izoh (0)