Professional boksning yarim o‘rta (-66,6 kg) vazn toifasida harakat qiladigan Shahram G‘iyosov (13-0, 9 KO) AQSHda O‘zbekiston vaqti bilan 18-iyun tongida navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Mazkur jangda unga amerikalik Harold Kalderon (27-0, 18 KO) raqib bo‘ladi. 15-iyun kuni jang oldidan matbuot anjumani va nigohlar to‘qnashuvi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nyu-Orleanda jang qilishimdan xursandman. Bu men uchun katta imkoniyat. Faqat olg‘a boraman. Yaxshi jang bo‘ladi degan umiddaman, chunki raqibim yaxshi bokschi. Uning rekordi — 27-0. Lekin men havaskor boksda 200 ta jang o‘tkazganman. Bu men uchun o‘ziga yarasha ustunlik beradi. Bunday jangni orzu qilardim. Yakshanba kuni ringga chiqishga tayyorman, muxlislar uchun yaxshi boks ko‘rsatmoqchiman, — deydi G‘iyosov.
Qayd etish kerak ushbu jang g‘olibi WBA kamari uchun majburiy da’vogarga aylanadi. Ayni vaqtda ushbu kamar Errol Spensga tegishli.
G‘iyosov so‘nggi jangini 2022-yilning may oyida o‘tkazib, 10 raund davom etgan jangda meksikalik Kristian Gomesni mag‘lub etgandi.
Kalderon esa oxirgi marta 2022-yil sentabrida ringga ko‘tarilgan va 3-raunddagi nokaut evaziga g‘alaba qozongan.
Izoh (0)