Texas shtatining shimoliy qismiga tornado yopirildi. Kamida uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
O‘t o‘chirish bo‘limi boshlig‘i Pol Datcherning so‘zlariga ko‘ra, ikki kishi Perriton markazida, yana biri esa shaharning shimoli-sharqiy qismidagi treyler parkida halok bo‘lgan. Bo‘ron tufayli 75 dan 100 nafargacha odam jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, shahardagi uylar va korxonalar, jumladan, o‘t o‘chirish bo‘limi jiddiy zarar ko‘rgan.
Xcel Energy energetika kompaniyasi xabariga ko‘ra, shahardagi energetika obyektlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan yopilgan.
Umumiy hisobda Texasda 200 mingdan ortiq uy va korxonalar elektr ta’minotisiz qolgan.
Qayd etilishicha, Texas gubernatori Greg Ebbot operativ yordam ko‘rsatish uchun davlat resurslarini jalb qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida AQSHning janubiy va o‘rta-g‘arbiy shtatlarida kuchli bo‘ron va tornado tufayli 32 kishi halok bo‘lgandi.
Izoh (0)