Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumani “Darxon” mahallasida transformator punktini o‘rnatish vaqtida meros obyektiga jiddiy ziyon yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tumanda joylashgan VI—XII asrlarga oid “Chillamazortepa” madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olinib, davlat muhofazasida bo‘lgan.
Tuman elektr taʼminoti korxonasi masʼul shaxslari tomonidan ushbu mahallada transformator punktini o‘rnatish uchun yodgorlikning 3,75 metr kub hajmdagi qismi noqonuniy ravishda kovlangan. Oqibatda madaniy meros obyektiga 93 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman elektr taʼminoti mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)