O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ta’limga oid qilinadigan ishlar xususida aytib o‘tdi.
“Kelgusi yillarda bog‘cha yetarli bo‘lmagan 131 ta mahallada 1,5 mingta davlat va xususiy bog‘chalar barpo etiladi, 210 ta bog‘chaning quvvatlari oshiriladi. Natijada, qo‘shimcha 90 ming bolajonlarimiz uchun maktabgacha ta’lim imkoniyatini yaratib, qamrovni 100 foizga yetkazamiz”, — dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yetti yilda maktab mavjud bo‘lmagan 25 ta mahallada jami 20 ming o‘rinli yangi maktablar barpo etilishini ta’kidladi. Shuningdek, 150 ta maktabda qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hisobiga, 80 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi ta’kidlandi.
Kelgusi yillarda Andijon davlat universitetida 2 ming o‘rinli, Andijon chet tillari institutida 1 ming o‘rinli, Andijon tibbiyot institutida 1 ming o‘rinli yangi o‘quv binolari barpo etiladi.
“Ilmga chanqoq viloyat yoshlari uchun 6 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularda 30 dan ortiq yangi yo‘nalishlar ochiladi. Bular hisobidan, oliy ta’limda qamrov hozirgi 30 foizdan 50 foizga yetkaziladi. Niyatim – O‘zbekistondagi barcha qizlar bilimli va o‘qimishli bo‘lishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh (0)